Shukur deysan sen qachon
Ta`magirni tortqilab,
Nafsi qo`ymas deydilar.
Nokas o`zi to`ysa ham,
Ko`zi to`ymas deydilar.


Boq bir yorug` olamga —
Kimlar zo`rg`a kun ko`rar.
Odamlar bor, bog`dagi
Bulbuldan ham pul so`rar.


Yolg`on dunyo — bu dunyo,
Arzon dunyo — bu dunyo.
Ne-ne hokim, beklardan
Qolgan dunyo — bu dunyo.


Kiprikdan ham qisqadir
Molu dunyo yo`llari.
Ibrat bo`lsin Iskandar
Ochiq ketgan qo`llari!..



Uzat deysan, ber deysan,
Hech qo`ymading odamzod.
Tuya to`ydi, fil to`ydi,
Sen to`ymading, odamzod.


Shukr qilar hattoki
Qumursqa-parrandalar.
Shukr deysan sen qachon,
Xom sut emgan bandalar?..


Bu uch kunlik dunyoda
Savlatigga kerilma.
Qasr qurma, bog` qoldir,
Davlatingga kerilma.


O`z elingni qaqshatsang,
Xor bo`lasan o`zing ham.
Bir kun shu el mehriga
Zor bo`lasan o`zing ham!..
Mualif: のεzのεMσNα x∆ ❤
Yozilgan vaqti: 30 Dek 2015 в 12:20
Hikoyalar | Muxammad Yusuf
Orqaga qaytish