Ota (Armonim bor)
Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
Qoq dalada o`tlar bosgan o`rmonim bor.
Qizg`aldoqday boshim egik bu makonda,
Yonib yashab o`tmagan otajonim bor.


Ota desam, bag`ri-dilim yonaverar,
Kunim yonar, oyu yilim yonaverar,
Mozoriga qo`ygan gulim yonaverar,
Tutunlarga to`lib ketgan osmonim bor.


Esaversin jannatlardan kelgan nasim,
Momo yerim, o`zingsan eng muqaddasim,
Bag`ringda jim tinglab bu tun jon nafasim,
Ruhimni allalab yotgan jahonim bor.


Odam bo`lib bir odamni tushunmaslar,
Ko`zingda yosh ko`rib ham goh o`kinmaslar,
Bosgan izim poylab yurgan ey, nokaslar,
Qabrdan qo`l cho`zib turgan qalqonim bor...


Men otamdan qolgan erkin sado-sasman,
Qonimga yot navolarga qayrilmasman,
O`lgunimcha endi undan ayrilmasman -
O`z otamdek bo`lib qolgan imonim bor.


Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
Keng dalada gullar bosgan o`rmonim bor,
Qizg`aldoqlar bosh egib qon yig`lab turgan
Bu makonda mening ham nurjahonim bor.
Mualif: ßεG๏(ɤ)ιм ﷲ
Yozilgan vaqti: 30 Dek 2015 в 12:20
Hikoyalar | Muxammad Yusuf
Orqaga qaytish