Qarshi oling Kuyovchak (Dolzarb)
Yoshim 24 ga to‘ldi. Mana, 2-3 yildan beri “To‘y qachon?”, “Nega uylanmayapsan?”, “Ayyubxon, tezroq uylan endi” degan gaplarni eshitaverib, axiyri shu maqolani yozishga qaror qildim.

Xo‘sh, rostdan ham nega haligacha uylanmayapman? Javobim antiqa, chunki men “kuyovchak” bo‘lishni xohlamayapman! “Kuyovchak” nima degani deb so‘rayapsizmi? Uning qanday mahluq ekanligini bilmoqchi bo‘lsangiz maqolamni oxirigacha o‘qing.

O‘zimni juda aqlli deb bilmayman, mansabdor va badavlat ham emasman, oddiy yigitman, Alloh bergan rizqimni terib yurgan. Lekin ba’zilardan farqli bir odatim bor, odamlarni o‘rganishni yaxshi ko‘raman va ularni kuzataman. Uylanishga niyat qilganimdan beri hozirgi yosh oilalarni kuzatishni boshladim, kuzatishlarimning natijasida yangi bir narsani “kashf” qildim. Ahmoqona urf-odatlar ta’sirida «mutatsiya» bo‘lib, yangi «mahluqot» paydo bo‘lganini ko‘rdim va unga yangi nom topdim.

Qarshi oling! – “Kuyovchak”! Bu so‘zni “kelinchak”, agar qo‘polroq aytsam “h…lak” so‘zlariga qofiyadosh qilib oldim, chunki hozirgi kuyovlarning o‘rni kelinlar bilan almashib qolganini ko‘rib shunday qildim.

Kuyovchakning ta’rifi: u – jamiyatning biologik chiqindisi, qon so‘ruvchi kanalar oilasiga mansubligi bor, sababi to‘ygacha ota-onasining hisobiga yashaydi, to‘ydan keyin qaynota-qaynonasi, ba’zan ular bo‘lmasa xotini hisobiga yashaydi. Sifatlari: mebelxo‘r, chunki ship-shiydon qilib qo‘yilgan “inini” kelinnikidan kelgan mebellar bilan to‘ldiradi, qancha ko‘p mebelь kelsa shuncha ko‘p xursand bo‘ladi, o‘zimiznikini emas, chet elnikini kutadi! Lattaparast, chunki to‘y boshlangandan to umrining oxirigacha qaynota -qaynonasi unga kiyim-kechak, latta-lutta tashiydi! Yeb-to‘ymas mechkay,chunki bu mahluq to‘ydan keyin kelinnikidan tog‘ara-tog‘ora ovqat kutadi va yeb, kekirib turib ham hech rozi bo‘lmaydi! Juda katta “investor”,uning sarmoyasi – bir tiyinga qimmat «oriyati», «g‘ururi», «hamiyati», falaj miyasiyu, bo‘rdoqiga boqilgan jasadi, shularning hammasini kelinning sepi uchun tikkan! Qo‘lidan keladigan yagona ish – faqat xotini olib kelgan karavotda erkakligini isbotlamoqchi bo‘lish( qo‘polligim uchun uzr) va agar Xudo bergan bo‘lsa nasl qoldirish! Xobbisi -o‘zgalar xisobiga yashash! Kuyovchak bunday hayotga juda yaxshi moslashadi, o‘y-fikrlarining hammasi faqat o‘z foydasiga qaratilgan bo‘ladi. Agar u ishsiz bo‘lsa ish topib berish, och qolsa to‘ydirish, puli yo‘q bo‘lsa cho‘ntagini to‘ldirish, xotini boshqorong‘i bo‘lsa ko‘ngli tusaganini keltirish, agar xotini tug‘sa bolasini roddomdan olib chiqishu, beshik, krovatcha…xatto pampersigacha olib berish, xotini kasal bo‘lsa davolatish kabi barcha ishlarni hech ikkilanmay, osongina qaynota-qaynonaning bo‘yniga ilib qo‘ygan! U o‘zini bunday mayda ishlarga aralashishi shart bo‘lmagan oliy nasab shaxs deb biladi…va hokazo.

Albatta bu kinoya, va achchiq haqiqatga xajviy yondashuv.

Agar jiddiy gapirsam, bu yigitlar ular haqida maqola yozishga arzimaydi, lekin mavzu dolzarb. Bu maqoladagi xar bir nuqta ularga emas, shunday yigitlarni tarbiya qilgan ota-ona va jamiyatga ham tegishli, sababi u yigitlarning bu gaplarni anglaydigan a’zosi ishlamaydi, ongi bor bo‘lganida, shu darajada tubanlasharmidi, umri bo‘yi parvarish qilgan qizlarini bergani yetmagandek, yana boshqa lash-lushlarni ham qo‘shib berishlarini kutarmidi kelin tomondan?! Qaynotasidan, nafaqat mebelь, gilam, parda, kir yuvadigan moshina, muzlatgich va boshqa latta-luttalarni, hattoki, minadigan mashina, iloji bo‘lsa inomarka, kvartira yoki xovli ham kutadiganlari, yanayam “uddaburon”lari biror korxonani yoki biror mansabni, yog‘li ishni olib berishlarini kutadigan “mard”larni ko‘rib “Erkak bo‘lmay o‘l!” devorgim keladi! Yaqinda qo‘shnimning qizini uzatishganda, hamma narsani qilib bersa ham, “dadang “Malibu” olib bermadi» deb xaydab yuborganini ko‘rib, jaxlim chiqib yozyapman bu gaplarni.

Endi savol: Qaysi oriyati bor yigit mana shunaqa “kuyovchak” bo‘lishni istar ekan? Masalan men istamayman! Shuning uchun, oilaviy hayotim uchun zarur ehtiyojlarni o‘zim topa olmagunimcha uylanmoqchi emasman! “ G‘am qilma, hozir uylanish oson, hamma narsani kelin tomon qiladigan bo‘lib ketgan” deydiganlar ham topiladi. Men esa g‘am chekaman, baxtli oila qurish uchun, kelajagim uchun qayg‘uraman, chunki “kuyovchak” bo‘lishni xohlamayman! Uyimning xonalari keng va yorug‘ bo‘lishini xohlayman, kelinnikidan kelgan bachkana mebelu, allambalo latta-luttalar bilan to‘ldirib, keyin havo yetishmay bo‘g‘ilib yashashni istamayman! O‘ziga chang yig‘ishdan boshqasiga yaramaydigan pardalar qurshovida va taxtiravonga o‘xshagan naqshinkor krovatda yotish man uchun BAXT timsoli emas! Umuman nega albatta krovatda yotish kerak? Ota-bobolarimiz Italiya yoki Xitoyning mebelida yotishmasa ham baxtli bo‘lishganku! Ha, mayli, zamonga qarab “madaniyat”li bo‘lib krovatda yotish shart bo‘lsa, o‘sha mebelni o‘zim olaman, ko‘nglimga yoqqanini, naqshlari va yaltir-yulturi yo‘q bo‘lsa ham, «komfortniy» va uxlashga qulay bo‘lganini, aslo kelin olib kelgan mebelda uxlay olmasam kerak, har safar uyquga yotganimda bu mebelni olish uchun qaynotamning qancha sog‘lig‘i va asablari ketganini o‘ylab! Oddiygina uyda, oddiygina jihozlar bilan bo‘lsa ham qalbimga yoqqan, qaraganimda ko‘zlarim quvonadigan, o‘ylaganimda o‘zimni baxtiyor xis qiladigan ayolim bo‘lishini xohlayman! Ertalab hashamatli xonada suymagan kishim bilan emas, oddiy uyda bo‘lsa ham o‘zimni baxtiyor xis qilishimga sababchi bo‘lgan qadrdon insonim bilan tong ottirishni istayman! Ayolimni otasinikidan olib kelgan kunimdan boshlab hamma ma’suliyatini, sog‘ligida ham, kasalida ham, shodligida ham, qayg‘usida ham sherik bo‘lishni, bolalarimni birga chiroyli tarbiya qilishni, ayolim hech qachon ota-onasinikiga ko‘zida yosh bilan, hayot qiyinchiliklaridan nolib bormasligini xohlayman, To‘g‘ri, oltin tog‘lar va’da qilmayman, balki yetishmovchiliklarimizni mehrim bilan to‘ldirishga, kerak bo‘lsa, agar o‘g‘illari bo‘lmasa, qaynona-qaynotamga o‘g‘ildek bo‘lishga harakat qilaman. Baxtli bo‘lishim uchun ko‘p narsa kerak emas! Baxtsiz odamlargina atrofini bekorchi lash-lushlar bilan to‘ldiradilar! Baxtiyorlarga chayla ham koshona! Onam yaqinda gapirib berdilar, rahmatli Anvarjon opoqdadam buvimlarga mehrilari tushib uylanmoqchi bo‘lganlarida, buvim avvaliga rozi bo‘lmagan ekanlar, u paytda ikkovlari ham Toshkentda bitta oliygohda o‘qishgan. Opoqdadam ortga chekinmay tinmay sovchi qo‘yganlar, “biz hali tayyor emasmiz” degan gaplariga esa “hech narsa kerak emas, to‘y qilish uchun o‘zim qarashib yuboraman deb” buvimning oilalarida o‘g‘il yo‘qligini bilgach, to‘ydan oldin borib uylarini ohlab, to‘yga tayyorgarlikka qarashib, qaynonalariga ovqatlar qilib bergan, shunday qilib hammaning mehrini qozongan ekanlar, xotin olish uchun ota-onalari emas, o‘zlari harakat qilgan ekanlar, hech qanday mebelsiz, borlaricha kelin qilib olib ketgan ekanlar uylariga buvimni. To o‘lgunlaricha buvimni e’zozlaganlarini ko‘rdim. U kishi ayolga kerakli eng muhim narsa – mehr va muhabbatni bera olganlar, shuning uchun bir umr baxtli yashashgan, keyinchalik hamma narsalarni o‘zlarining mehnatlari bilan qilishgan va hayotlari farovon o‘tgan. Mana shu erkakcha ish!

Shunday qilib, umr savdosini o‘ylash mening ham boshimga tushdi, aniqrog‘i uydagilarning qistovi boshlandi, “uylanishing kerak” , “sen tengqurlar 1-2 bolali bo‘lishga ulgurdi” va hokazo…”Endimi? 20 yoshimda, rosa uylangim kelgan paytida nega yuragimga qo‘l solib ko‘rmadilaring, nega shartta bitta qizni topib uylantirib qo‘ymadilaring?”, “Endi yosh, g‘o‘r yigit emasman, osonlikcha taslim bo‘lmayman, olaxurjunni bo‘ynimga ilmoqchimisizlar?”, “O‘sha paytda uylanish masalasi chiqqanda, “avval pul top, oilani boqadigan bo‘l, keyin uylanasan deb “dono” maslahat berganlarning o‘zlarini, otalari 20 yoshida uylantirib qo‘ygan-da, biz bechoralarni dardimizni tushunishmagan”, “Endi qachooon pulim ko‘payib ketsa, o‘zim xohlaganimda, o‘zim xohlagan qizga uylanaman” deb hazil aralash po‘pisa qilib qo‘yaman. Aslida ulg‘aygan sarim oilaning ma’suliyati kattaligini tushunib, bu ishda shoshilgim kelmayapti. O‘zimcha “qarshilik” qilishimga qaramay qarindoshlar, tanish-bilishlar kelinlikka nomzod ba’zi qizlarni ko‘rsatishdi, biri yoqib, biri yoqmadi. Yoqqanlarining eng ko‘zga ko‘ringan fazilati soliha va ilmga chanqoqligi, intiluvchanligi bo‘ldi, lekin men o‘zimni unday qizlarga loyiq deb bilmadim, sababi men ular kitoblarda o‘qib, hayollarida orzu qilgan ideallikdan yiroqman, realist, hayotni boricha qabul qiladigan yigitman, ertakda yashamayman, u “malikalar”ning “shahzodasi” emasligimni bilaman. Yoqmagan qizlarning esa ota-onasi, qizlarini «50 yillik tajriba, ilm va boylikka ega, hashamatli uyi, inomarka mashinasi, birorta ishlab chiqarish korxonasi, zavod yoki fabrikasi, kamida birorta kichikroq do‘konchasi bor tadbirkor bo‘lgan 20-25 yoshlik yigit»ga uzatishmoqchi bo‘lishlari kulgimni qistatib, ensamni qotirdi, “kattalar ham ertakka ishonar ekanda” deb qo‘ydim. Ba’zi qizlar o‘ta sodda va zerikarli, umrida birorta kitob o‘qimagani, uy ishlaridan boshqa narsaga qiziqmasligi ko‘zlaridan bilinib turadigan, ba’zilari ota-onasining nasabiga, mol-davlatiga bino qo‘ygan, ba’zisi chiroyiga mahliyo…

Xullas, hali baxtim ochilmadi, axir, olmos ham osonlikcha topilmaydiku.

Kuni kecha, rus hamkasbim bilan suhbatda, “nasib qilsa uylanish niyatidaman tez orada” dedim, u xursand bulib “kim u baxtli qiz” dedi, men esa kulib “xali topganim yo‘q o‘sha baxtli qizni, izladim va xozir ham izlayapman, nafaqat men, balki butun qavmu-qarindoshlar izlashyapti, bizni yurtda yigitlar uylanadigan paytda hamma yaqinlari “brachnoe agentstvo”ga aylanadi” desam ular ajablanib “sizlarda ajoyib ekanku, ota-ona topib bersa uylanib ketaverasizlarmi? Biz o‘zimiz topib, qizni ko‘nglini olib, uning muhabbati uchun kurashib, keyin turmush quramiz, ota-onalarimizni faqat mexmonga chaqiramiz to‘yimizga” dedi. Men unga: “ ko‘proq yangi loyihalarni amalga oshirib, ko‘proq pul topishim kerak, chunki qiz topilsa, borib to‘plaganimni sarflab uylanishim kerak” desam, “nima ma’no” deydi, men esa halqimizning sevimli shiorini aytib “faxrlandim”: “elu yurtga dasturxon yozib, osh bermasak, uyat bo‘ladi, odamlar gapiradi” deb kuldim. “A kogda jivyote to?” ( unda qachon yashaysizlar?) dedi. “Nikogda”( hech qachon) deb hazillashdim.
Rostdan xam, o‘zbek yigitining hayoti uchga bo‘linib, biri to‘ygacha pul to‘plash, ikkinchi qismi esa to‘ydan keyin qarz to‘lash va nihoyat uchinchisi ushbu udum davomchisini katta qilishdan iborat bo‘lib qolgandek go‘yo.

Naqadar zerikarli!

Unday yigitlarga xam nom qo‘yib oldim, “kuyovchak”ning ziddi bo‘lgan “kuyunchak” lar deb. Har doim atrofdagilarni rozi qilish uchun yashaydigan, topgan pulini odamlar o‘ylab topgan an’ana, udum va orzu-havaslarga sarflaydigan, o‘zi uchun yashay olmaydigan bechora “kuyunchak”lar. Lekin baribir xudbin “kuyovchak” bo‘lgandan ko‘ra “kuyunchak” bo‘lgan yaxshiroq. Ammo eng yaxshisi ERKAK bo‘lish hammasidan a’lo!

Atrofga qarang!

Nega men kabi yigitlar uylanmay yuribdi? Nega yosh oilalar qurilmasidan buzilib ketyapti? Nega ota-onalar uchun farzand baxtidan ko‘ra shaxsiy orzu-havasi afzal. Keyin yashab ketar deb, qiyin-qistov bilan, majburan bir-birini yoqtirmagan yoshlarni qovushtirmoqchi bo‘lishadi, to‘y qilinadi, tomosha beriladi, hamma qorni qappaygan, o‘ziga to‘q odamlar kelib, yeb-ichib, yana ig‘vo qilib ketadi, hech kim o‘ylamaydi: «bu ikki bechora yoshning ko‘nglida va hayolida nima gap bor» deb. Avvallari katta akalar uylanishga o‘ylanib qolganda hayron bo‘lar edim, «nimaga axir, oila qurish zo‘rku» deb qiziqardim tezroq to‘yim bo‘lishiga. Hozir esa o‘zim ham o‘ylanib qolaman.

Oila qurishga tayyormanmi? Men olishim mumkin bo‘lgan qizlardan birortasi oila qurishga tayyormi? Jismoniy tomondan tayyorligimga, va o‘sha qizlar ham bu borada yetukligiga shubham yo‘q. Lekin oilaviy burch, ma’suliyat, er-xotinning vazifalari degan narsalargachi? Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf( rohimahulloh) hazratlarining “Baxtiyor oila “ kitoblarini o‘qib chiqqach, men ham, hozir uylanib, yoki uylanishga harakat qilayotgan birorta yigit aslida oilaviy hayotga tayyor emasligini bildim.

Uylanishdan avval hamma, kuyov ham, kelin ham, ularning ota-onasi ham shu va shunga o‘xshagan kitoblarni o‘qib chiqsa bo‘lardi deb o‘ylardim. Lekin kitob boshqa, hayot boshqa ekan. Johil, kitob o‘qimagan odamlarni qo‘yib turing, hatto ba’zi “olim”larning ham farzandlariga qanday to‘ylar o‘tkazayotganini ko‘rib hafsalam pir bo‘ldi, dunyo ahli kabi dabdabaga berilish ularda ham bor ekan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va u kishining sahobalariga ergashganlikni da’vo qilayotgan «ahli ilm»lar shunday qilib tursa, biz oddiy musulmonlar nima qilaylik? Lekin men uylansam, sunnatga muvofiq, oddiy to‘y qilgim keladi. To‘yimga boy-badavlatlarni emas faqir miskinlarni chorlagim keladi, hammasidan ham eng yaxshisi, kelin bilan nikohni o‘qitgandan so‘ng, katta ziyofat qilib berish o‘rniga, birgalashib yurib, o‘sha faqir-miskin kishilarning uylariga ataganlarimizni olib borib: “Bizni duo qilinglar”, degim keladi…Qani endi shunaqa to‘yni orzu qiladigan qiz topilsa… Oila qurish bu faqat to‘y qilish va dabdabali hayot emas! Oila – ikkita alohida shaxsning bir umrlik turmushga tayyor bo‘lishidan hosil bo‘lgan bitim.

Ikki inson qachon oilaga tayyor bo‘ladi?
Qachon o‘zga odamning og‘rig‘ini his qila olganda, bir-birini tarbiya qilishga, bir maqsad sari intilganda…

Hozircha gapim shu, agar yana biror fikr kelib qolsa albatta yozaman, sizlar bilan hayrlashganim yo‘q!

Muallif: Ayyub Ramz
Mualif: DaVRoN Bek (orginal) ™
Yozilgan vaqti: 8 Iyul 2017 в 13:47
Hikoyalar | Ibratli xikoyalar
Orqaga qaytish