sevishda davom etaman
Balki siz hech qachon meni sevmassiz,
Lekin uzoqlashib qayga ketaman?!
Bugun orzularning bo‘yidan mastsiz,
Men esa sevishda davom etaman!
Siniq oy har tunda tig‘ini charxlab,
Nur uchun jonimni qilganda ta’ma,
Olis-olislardan turib, erkalab
Men sizni sevishda davom etaman...
Quyosh - yer yuzining musavviridir,
Uni deb bo‘y cho‘zar dunyoi-chaman.
Nomimni toptasa qachondir, kimdir,
Shunda ham sevishda davom etaman!
Sovuq qish ortimdan etganda ta’qib,
Suv bo‘lib tog‘larga singib ketaman.
Bir kun poyingizda jilg‘adek oqib
Men sizni sevishda davom etaman!
Do‘stu-dushmanimga bildirmaymanu,
Sizning qoshingizda boshim egaman.
Sizni sevmoqlik bu - eng ajib tuyg‘u,
Siz borsiz - sevishda davom etaman!
Balki siz hech qachon sevmaysiz meni,
Sizdan ko‘ngil uzib qayga ketaman?!
Taqdir keltirsa xam boshimga neni
MEN SIZNI SEVISHDA DAVOM ETAMAN!!!
Mualif: Malika (k)
Yozilgan vaqti: 16 Mart 2016 в 13:44
Hikoyalar | Dil izhorlari
Orqaga qaytish